Zamonaviy yo‘llar mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi

Avtomobil yo‘llarining holati va ulardan foydalanish samaradorligi mamlakatimizda avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashishni rivojlantirish darajasini belgilaydi. Qattiq va tekis qoplamali, to‘g‘ri va ravon yo‘lda avtomobil belgilangan tezlikda yurishi, maksimal darajada yo‘lovchilar yoki tovarlarni tashishi mumkin. Bu yoqilg‘i sarfi va tashish qiymatini kamaytirish, transport vositasining xizmat qilish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq iqtisodiy samara ham beradi. Eng muhimi, avtomobil yo‘llari sifatli bo‘lgan mamlakat transport koridori va xalqaro tranzit tashishlar markaziga aylanishda katta imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy yuksalish ko‘rsatkichlarini oshirish imkonini beradi.

Jo‘g‘rofiy jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashgan O‘zbekiston azaldan Sharq va G‘arb o‘rtasida o‘ziga xos robita vazifasini o‘tab kelgan. Qadimda bu yerdan o‘tgan Buyuk ipak yo‘li orqali turli davlatlar o‘rtasida savdo va madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, avvalgi yo‘llar faqat yuk tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bunday yo‘llarda yurish ancha qiyin edi. Shunga qaramay, bu yo‘llar orqali bepoyon kengliklar bo‘ylab harakat qilingan, yangi yerlarni o‘zlashtirilib, savdo ishlari amalga oshirilgan. Tarix shundan dalolat beradiki, mamlakatimiz hududida yashagan xalqlar o‘z taraqqiyotining barcha bosqichida yangi yo‘llar qurish, savdo munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratgan. Masalan, Amir Temur davrida, dunyo savdogarlar tufayli obod bo‘ladi, degan aqidaga amal qilingan, yangi savdo yo‘llari va inshootlarini qurish uchun katta mablag‘lar ajratilgan.

Bugun mustaqil O‘zbekiston uchun ham xalqaro va mahalliy yo‘llarni rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki davlatimizning jahon iqtisodiyotiga jadal integratsiyalashish jarayoni bevosita yo‘l tizimining samarali ishlashi bilan bog‘liqdir. Respublikamiz hududi orqali 20 xalqaro yo‘nalishlar o‘tgan bo‘lib, buning natijasida mamlakatimiz avtotransport xizmatlari eksporti va tranzit tashishlardan yaxshi daromad olmoqda.
Bu borada ichki ehtiyojlarni ham unutmaslik darkor. BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi ekspertlarining fikricha, bugungi kunda yuk va yo‘lovchi tashishning asosiy qismi aynan avtomobil yo‘llari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, avtomobil yo‘llari orqali yuklarning qariyb 85 foizi, yo‘lovchilarning 95 foizdan ortig‘i tashilmoqda.Bu shundan dalolat beradiki, avtoyo‘llar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutadi.Shu bois O‘zbekistonda iste’molchilarni ishonchli, qulay, xavfsiz va rentabelli transport aloqasi bilan ta’minlaydigan transport-kommunikatsiya tarmog‘ini tashkil etish vazifasi muhim ahamiyat kasb etadi.Ushbu masalaning hal etilishi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan, puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Ta’kidlash joizki, istiqlolning dastlabki yillarida yo‘l xo‘jaligi sohasini tartibga soladigan muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlardan biri – “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Mamlakatimiz avtomobil yo‘llari tizimini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi talablari, ularni qurish va foydalanish bo‘yicha xalqaro tajriba, yo‘l tarmog‘ida amalga oshirilgan islohotlar natijasida avtoyo‘llar sohasida shakllangan munosabatlar e’tiborga olingan holda, 2007-yilning 3-oktabrida ushbu qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari tarmog‘ining umumiy uzunligi 183 ming kilometrdan ortiqdir. Shuning 42,6 ming kilometri umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari bo‘lib, ular xalqaro, respublika va mahalliy (viloyat) ahamiyatga ega yo‘llardir. Uzunligi 2755 kilometr bo‘lgan O‘zbekiston milliy avtomagistrali ham ushbu tarmoqqa kiradi. Bundan tashqari, 67,2 ming kilometrdan ortiq xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, 61,6 ming kilometrdan ziyod qishloq va shahar ko‘chalari, 5,4 ming kilometrdan ortiq korxonalar yo‘llari, shuningdek, 6,6 ming kilometrdan ziyod idoraviy inspektorlik yo‘llari ham mavjud.

– “O‘zavtoyo‘l” avtomobil yo‘llarini qurish va foydalanish davlat aksiyadorlik kompaniyasining tashkil etilishi va faoliyatining yanada takomillashtirilishi yo‘l xo‘jaligi sohasidagi chuqur islohotlarning muhim bosqichi bo‘ldi, – deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov. – Kompaniya umumiy foydalaniladigan avtoyo‘llarni davlat tomonidan boshqarishning maxsus vakolatli organidir. Kompaniya mamlakatimizda avtoyo‘llar tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirishda yagona texnik, investitsiya hamda tashqi iqtisodiy siyosatni amalga oshirmoqda, umumiy foydalaniladigan avtoyo‘llarga kompleks xizmat ko‘rsatish, ularning tegishli texnik holati, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini takomillashtirish, shuningdek, yo‘l xo‘jaligini yangilash va uning moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilishni ta’minlamoqda.

"O‘zavtoyo‘l" tasarrufida 13 hududiy yo‘l-ekspluatatsiya korxonasi, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarini saqlash bo‘yicha yettita hududiy ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonasi, tumanlar yo‘l xo‘jaligining 161 pudratchi ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti, o‘quv markazlari va boshqa ixtisoslashtirilgan yo‘l-qurilish, burg‘ilash-portlatish, shuningdek, sanoat korxonalari ham kiradi.

Istiqlol yillarida yo‘l qurish ishlarini moliyalashtirish masalasi ham muvaffaqiyatli hal etildi. Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tuzilmasida avval mavjud bo‘lgan ko‘plab yo‘l jamg‘armalari o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Respublika yo‘l jamg‘armasi tashkil qilindi. Jamg‘arma umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish hamda takomillashtirish dasturlarini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar avtoyo‘llarning ahamiyatiga qarab, ularga davlat moliya resurslarini taqsimlash, Respublika yo‘l jamg‘armasi, “O‘zavtoyo‘l” tashkiliy tuzilmasini, umumiy foydalaniladigan avtoyo‘llarni saqlash, ta’mirlash, qurish va rekonstruksiya qilish borasida ekspluatatsiya hamda pudratchi tashkilotlar faoliyatini, davlat, hududiy va mahalliy nazorat organlari o‘zaro hamkorlik tizimini takomillashtirish imkonini berayotir.

Mamlakatimiz yo‘lsozlari ko‘p qatorli transport harakati uchun mo‘ljallangan yirik yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘priklar, zamonaviy avtomagistrallarni qurish texnikasini mukammal o‘zlashtirdi. Yo‘l qurilishida “Katerpiller”, “Virtgen”, “Libxerr”, “Xamm”, “Fogele”, “ABG”, “Daynapak”, “Xitachi”, “Komatsu”, “Kato”, “Nissan" va boshqa xorijiy kompaniyalarning zamonaviy yo‘l qurish mashinalari hamda uskunalari qo‘llanilmoqda. Ular yordamida asfalt-beton va sement-beton qoplamali yo‘llar qurilmoqda.

– Bunday qoplamalar eng mukammal bo‘lib, og‘irliklarga nisbatan chidamli va tekis bo‘ladi, – deydi “Yo’l loyiha byurosi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Shuhrat Mirxo‘jayev – Biroq, yo‘l materiali qanchalik mustahkam bo‘lmasin, avtotransport vositalari va iqlim sharoitlari bosimi ostida u asta-sekin yemiriladi. Asfalt-betonli yo‘llarning yaroqlilik muddati 6-18-yilni tashkil qiladi va shundan so‘ng kapital ta’mirlash ishlarini bajarish zarurati tug‘iladi. Sement-betonli yo‘llarnng yaroqlilik muddati esa 16-25-yilni tashkil etadi. Yo‘l qoplamasini har olti yilda tekshirish va joriy ta’mirlash talab etiladi.

O‘tgan yillar mobaynida qariyb 4,5 ming kilometr xalqaro va respublika ahamiyatiga ega yo‘l foydalanishga topshirildi hamda to‘liq rekonstruksiya qilindi. 176 ko‘prik, 20 yo‘l o‘tkazgich va umumiy uzunligi 4638 pogonmetr transport chorrahasi qurilib ta’mirlandi. Toshkent-Andijon-O‘sh, Toshkent-Samarqand-Buxoro, Toshkent-Chimyon-Chorvoq avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinib, birinchi toifaga o‘tkazildi. Samarqand-Qarshi-Termiz va Buxoro-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beynov yo‘llarida serqatnovlik hisobga olinib, ular ikkinchi toifa parametrlari bo‘yicha rekonstruksiya qilindi. Umumiy uzunligi 67 kilometrlik Toshkent halqa avtomobil yo‘li ishga tushirildi.Ko‘plab yo‘l o‘tkazgichlar va estakadalarga ega 6-8 polosali qatnash qismini o‘z ichiga olgan 32 kilometrlik Toshkent kichik halqa yo‘li ham barpo etildi. Mamlakatimizda ko‘plab daryolar uzra zamonaviy ko‘priklar, yirik aholi punktlarini aylanib o‘tish yo‘llari qurildi.

– Keng va ravon yo‘llar, yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘priklar ko‘payayotgani haydovchilar hamda yo‘lovchilar uchun katta qulayliklar yaratmoqda, – deydi haydovchi Hotamjon Turdiyev. – Aholi punktlari o‘rtasidagi masofa qisqardi va yo‘llarda yurish bo‘yicha katta qulayliklar yaratildi. Natijada, yurtdoshlarimizning vaqti hamda mablag‘i tejalmoqda.Masalan, men tez-tez Farg‘ona vodiysiga qatnayman.Ilgari “Qamchiq” va “Rezak” dovonlarida tunellar yo‘q edi. Toshkent-O‘sh avtoyo‘lida tik tog‘ yo‘llariga ko‘tarilish uchun ko‘p kuch va vaqt sarflardik. Bugun yo‘lda bir soat vaqt tejalmoqda, yoqilg‘i xarajati kamaymoqda. Bu narxlarga ham ta’sir ko‘rsatib, poytaxtimizga borib keladigan millionlab odamlarning sarf-xarajatlarini kamaytirish imkonini bermoqda.

– Avval bu yo‘llardan bemalol qatnab bo‘lmasdi, – deydi sirdaryolik haydovchi Baxtiyor Murodov. – Bir chuqurchadan aylanib o‘tib, ikkinchisiga tushardik. Yo‘l davomida g‘ildirak yo harakatlantiruvchi qismlar ishdan chiqmadimikan, deb xavotir bo‘lardik. Hozir ravon va keng yo‘llarda haydovchilar mutlaqo asabini buzmasdan va o‘z mashinasi haqida o‘ylamasdan bemalol yurishlari mumkin.

– Ilgari yo‘lga chiqqanimizda, boradigan joyga qachon yetib olarkanmiz, deb o‘ylanardik, – deydi olmaliqlik Alimurod Hasanov. – Olmaliqdan Samarqandga borguncha yetti soat yo‘l yurganimiz esimda. Avvallari yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib, yo‘lda odamlar uchun hech qanday qulayliklar yo‘q edi. Bugun shahar va aholi punktlaridan olisdan joylashgan trassalarda ham savdo, dam olish ob’ektlari qurilmoqda. Bundan, albatta, haydovchilar ham, yo‘lovchilar ham mamnun.

Yo‘l xo‘jaligida erishilgan muvaffaqiyatlar ulkan bunyodkorlik ishlarining bir qismi bo‘lib, ularning ko‘lami yil sayin kengayib bormoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-aprelda qabul qilingan “2009-2014-yillarda O‘zbekiston milliy avtomagistralini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2010-yil 21-dekabrda imzolangan “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorlarida O‘zbekiston milliy avtomagistralini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. 2011-2015-yillarga mo‘ljallangan maqsadli dasturga muvofiq, xalqaro normalar va zamonaviy talablar asosida umumiy uzunligi 2306 kilometrlik yangi magistral avtomobil yo‘llari quriladi. Bu yo‘llarning 1410 kilometri to‘rt polosali bo‘lib, shuning 474 kilometri sement-beton, 648 kilometri esa asfalt-beton bilan qoplanadi. Yana 288 kilometri asfalt-beton qoplamali ikki polosali yo‘l bunyod etiladi. Mazkur magistral avtomobil yo‘llari tarkibida 1910 pogonmetr ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, yetti joyda transport chorrahalari barpo etiladi.

Transport infratuzilmasi tizimlarini yaxshilash, yangi yo‘llar barpo etish va mavjudlarini xalqaro darajaga yetkazish borasidagi ishlar ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mutaxassislarining ma’lum qilishicha, 2006-yilda avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 31,6 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2012-yilda bu maqsadlarga 654 milliard so‘m va xalqaro donorlarning umumiy qiymati 159 million AQSh dollariga teng mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Prezidentimiz Islom Karimov 2012-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, o‘tgan davrda qariyb 500 kilometrlik to‘rt polosali zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Shundan 163 kilometri sement-beton va 335 kilometri esa asfalt-beton bilan qoplangan yo‘llardir. Uzunligi 116 kilometr bo‘lgan Guliston-Ohangaron avtomobil yo‘li, Qo‘qon shahrini aylanib o‘tadigan avtoyo‘l foydalanishga topshirildi, Samarqandni Toshkent, Qarshi va Olot bilan bog‘laydigan yo‘llar rekonstruksiya qilindi.

Joriy Obod turmush yilida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 1,2 trillion so‘mdan ortiq, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 870 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ va xalqaro moliya institutlarining qariyb 120 million dollarlik investitsiyalarini yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

– 2013-yilda mamlakatimizda O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan 526 kilometr avtomobil yo‘llari qurilib, rekonstruksiya qilinadi, – deydi “O‘zavtoyo‘l” DAK avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va sohani istiqbolli rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Husanov. – Shuning 440 kilometri yangitdan quriladi, 86 kilometrida yo‘l qoplamasining 13 tonna kuchga ega o‘q og‘irligiga chidamliligini oshirishga doir ishlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, “Qamchiq” dovonida uzunligi 71 kilometrlik avtoyo‘l uchastkasi rekonstruksiya qilinib, qator ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar quriladi.

Mamlakatimizda bir necha yillardan buyon yangi avtomagistrallar, yo‘llar, ko‘priklarni barpo etish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda va ushbu xayrli ishlar ko‘lami kun sayin kengayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Holbuki, Vatanimiz mustaqilligigacha u yoki bu ko‘cha, yo‘llar, maydonlar qanday ahvolda ekanini bir esga olaylik. Bugun biz foydalanayotgan yo‘llarni qurish va ta’mirlash katta mehnat, sarf-xarajat talab qiladi. Shu sababli muhandislik g‘oyasi, loyiha yechimi bilan boshlanadigan va millionlab kubmetr tuproqni ko‘chirish, minglab tonna qum, shag‘al, asfalt, bitum yotqizish bilan yakunlanadigan, eng muhimi, yuzlab odamlar, mashinalar hamda mexanizmlar jalb qilinadigan bunday qurilish ishlari ko‘p mehnat sarflanadigan jarayon ekanini har doim esda saqlashimiz darkor.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mamlakatimizda transport kommunikatsiyalari, yo‘llarni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani samarasida qishloqlarimiz tobora obod bo‘lmoqda, infratuzilma takomillashmoqda. Zamonaviy keng va ravon yo‘llar davlatimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish, erkin va farovon mamlakat barpo etish, xalqimiz hayot darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Интернет ресурс асосида «Автомобил йўлларини лойихалаш” бўлими тайёрлади.